Bank ishi va infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha yetakchi mutaxassislar bankning raqamli xizmatlari 24/7 rejimida barqaror ishlashini taʼminlovchi keyslar va amaliyotlar bilan oʻrtoqlashdilar.
"Bankda ishingiz darhol yuqori yuklama ostida qoladi – nimadir yomon qilishning iloji yoʻq"
Lahzalik toʻlovlar, qulay xaridlar va bir necha soniya ichida avtorizatsiyadan oʻtish – har qanday zamonaviy bank yuqori tezlikda ishlashi kerak. Biroq, oʻn minglab tranzaksiyalar va operatsiyalarni toʻxtovsiz rejimda qayta ishlash faqat yuqori yuklamali Highload tizimlarining qoʻlidan keladi.
Halyk'da 185 ta raqamli xizmatning uzluksiz ishlashini taʼminlash uchun turli texnologiyalar va yondashuvlardan foydalaniladi. Masalan, mikroservis arxitekturasi, maʼlumotlar markazlari oʻrtasida yuklamani muvozanatlash, maʼlumotlar bazalarini optimallashtirish va boshqalar.
"Bankdagi dasturlashning menga yoqadigan jihati shundaki – butun ishingiz darhol yuqori yuklama ostida qoladi, shuning uchun nimadir yomon qilishning shunchaki iloji yoʻq. Halyk SuperApp ilovasida 11,1 million faol foydalanuvchimiz bor va barcha raqamli xizmatlarning mavjudligi – butun IT-jamoa samaradorligining asosiy koʻrsatkichlaridan biridir. Bir necha yil oldin biz barcha mahsulotlarimizning ishlamay qolish vaqti boʻyicha KPI belgiladik, shuningdek, operatsiyalarni qayta ishlash tezligini hisobga olib boramiz. Shu bilan birga, IT-tizimlar va infratuzilmani doimiy ravishda yaxshilamasdan turib, yuqori yuklamalarga bardosh berish va biznes talablariga javob berish imkonsiz", – deya mitap ishtirokchilari bilan salomlashdi bank boshqaruvchi direktori Ruslan Serazitdinov.
Bir qarashda, avtorizatsiya – har qanday bankda mavjud boʻlgan tayanch xizmat, ammo bu oddiylik ortida butun tizimga tushadigan yuqori yuklamalar yotadi. Ayniqsa, yuz minglab mijozlar xizmatlardan bir vaqtning oʻzida foydalanishni xohlaganlarida. Asosiy bank xizmatlaridan tashqari, avtorizatsiya Halyk SuperApp'ning barcha mahsulotlarini, jumladan, sugʻurta, market, travel, kino.kz va boshqalarni qamrab oladi. Bu Halyk ID BaaS-xizmati orqali hamkor ekotizimlar bilan integratsiyalarni hisobga olmaganda.
Halyk SuperApp departamenti direktori oʻrinbosari Nikolay Sulimovning soʻzlariga koʻra, yuklamalar oshishini qayd etishda IT-jamoaga koʻplab metrikalar yordam beradi. Shuningdek, mutaxassislar soʻrovlar navbatini, xatolar paydo boʻlishini va boshqa holatlarni kuzatib boradilar.
"Nima uchun avtorizatsiya har doim birinchi boʻlib ishdan chiqadi? Toʻlovni amalga oshirasizmi yoki konsertga chipta sotib olasizmi – kirish nuqtasi oʻzgarmasdir. Bularning barchasi bitta xizmatda sodir boʻladi, u yerda tabiiyki eng yuqori trafik mavjud. Boʻronga oldindan tayyor boʻlish kerak. Markerlar boʻyicha biz zaif nuqtalarni aniqlaymiz, eng yuqori yuklamalar holati uchun infratuzilmani kengaytiramiz va jamoani oʻqitamiz. Shuningdek, xizmatlarning eng yuqori koʻrsatkichlardagi ishlashini baholash uchun muntazam ravishda yuklama testlarini oʻtkazamiz va resurslarni optimallashtiramiz", – dedi Nikolay Sulimov.
Backstreet Boys: barchasiga ulgurish
Keyingi maʼruza iyul oyida Kino.kz xizmati orqali Olmaotadagi Backstreet Boys konsertiga chiptalar sotuvining boshlanishiga bagʻishlandi. Innovatsion texnologiyalar departamenti direktori vazifasini bajaruvchi Kirill Frolov taʼkidlaganidek, 50-60 ming kishining keskin oqimi tufayli xizmatning ishdan chiqishini oldini olishga bir nechta profilaktik choralar yordam berdi:
- Soʻrovlarni qayta ishlashni tezlashtirish uchun protsessor quvvatini (CPU) va ortgan maʼlumotlar hajmini qayta ishlash uchun tezkor xotirani (RAM) kengaytirish.
- Kino.kz IT-jamoasi kuchi bilan kod va soʻrovlarni optimallashtirish.
- Platformadagi boshqa sotuvlarni bloklamaslik uchun alohida lendingda raqamli navbatni ishga tushirish va konsert chiptalarini xaridorlarini alohida toifaga guruhlash.
- Navbatni aylanib oʻtishga yoʻl qoʻymaydigan antifrod choralari.
- Fikridan qaytgan, lekin boshqalarni ushlab turadiganlarni navbatdan chiqarish uchun tizimdagi har bir foydalanuvchiga vaqt cheklovini joriy etish.
- Chiptalarni sotib olish vaqtida platformada bir vaqtning oʻzida boʻlgan foydalanuvchilar sonini cheklash.
- Mijozlarning kutish vaqtini maroqli qilish uchun puxta ishlangan UX. Dasturchilar lending sahifasiga guruh qoʻshiqlari va jamoa haqidagi qiziqarli faktlarni qoʻshdilar. Bunda mijozlar navbatdagi oʻz oʻrnini va uning harakatlanish tezligini koʻrib turdilar.
"Umuman olganda, biz odatdagi ish rejimiga nisbatan kino.kz platformasi resurslarini 100% ga oshirdik. Texnologiyalar stekini oddiy tanladik – ilovalar uchun Go tili, chunki unda bizda katta tajriba bor. Ilovalarni tez ishga tushirish uchun frontendda NuxtJS'dan, holatni saqlash uchun esa Redis maʼlumotlar bazasidan foydalandik. Tizimimiz xaridorlarni avtomatik ravishda navbatli alohida lending sahifasiga yoʻnaltirdi va har 5 soniyada chiptalarni sotib olish holatini tekshirib turdi. Natijada tizim bardosh berdi va biz dastlabki ikki kun ichida chiptalarning 80 foizini muvaffaqiyatli sotdik", – deya oʻrtoqlashdi Kirill Frolov.
Muvozanatlash sanʼatidan multibulutgacha
Mitapning ikkinchi qismidagi maʼruzalar jismoniy va bulutli infratuzilmaga taalluqli boʻldi. IT-infratuzilma departamenti direktori oʻrinbosari Oleg Ivakinning fikricha, yuqori yuklamali tizimlar uchun barcha soʻrovlarni qayta ishlashga mavjud resurslar yetarli boʻlmay qoladigan holat xosdir. Ammo bitta katta server sotib olish ham yechim emas.
Ekspert IT-infratuzilmani miqyoslashning ikkita yondashuvini ajratib koʻrsatdi – vertikal va gorizontal. Birinchisi apparat taʼminoti yordamida unumdorlik va quvvatni kengaytirishni nazarda tutadi. Ikkinchisi esa keshlar – maʼlumotlar nusxalarining vaqtinchalik omborlari hisobiga soʻrovlarni qayta ishlashni tezlashtiradi.
"Samarali miqyoslash uchun muvozanatlash kerak, aks holda undan foyda boʻlmaydi. Buning uchun biz soʻrovlarni boshqarishning turli texnologiyalaridan foydalanamiz. Masalan, ulanish oqimlarini serverlar boʻylab tez va samarali taqsimlaydigan L4, shuningdek, soʻrovlarni batafsilroq tahlil qilish va ularni kerakli xizmatlarga yuborish uchun L7. Shuningdek, turli lokatsiyalardagi bir nechta maʼlumotlar markazlaridan iborat tarmoqni yagona tizim sifatida boshqarish uchun VxLAN-fabrikasi yondashuvini qoʻllaymiz. Bundan tashqari, real vaqt rejimida majburiy monitoring olib boramiz", – deb taʼkidladi Oleg Ivakin.
Zamonaviy bank tizimlari nafaqat jismoniy, balki bulutli infratuzilmaga ham tayanadi. Halyk Kazteleport boshqaruvi raisi oʻrinbosari Aleksey Kalinnikovning yakuniy maʼruzasi qaysi holatlarda multi-cloud'ga oʻtish kerakligi va turli bulutlar oʻrtasida yuklamani taqsimlash qanday afzalliklar berishiga bagʻishlandi.


