Sayohatlar uchun 5 davlatga yagona QR — tushunarli gʻoya, ammo muddatlar aniq emas. Mexanizmni muhokama qilish boshqa, 5 xil platformani bogʻlash esa qiyin.
Shu bilan birga, muzokaralar stolida Qozogʻistonning vazni kattaroq: Milliy bank ochiq banking, raqamli tenge va Milliy antifrod markazi boʻyicha ish natijalarini allaqachon taqdim etgan. Qolganlar hozircha quvib yetishga harakat qilmoqda, garchi Oʻzbekiston ham jismoniy shaxslar oʻrtasidagi oʻtkazmalar uchun yagona infratuzilmani eʼlon qilgan boʻlsa-da. Ilgari bunday tizimlar uzoq vaqt davomida noldan qurilgan, hozir esa, qoʻpol qilib aytganda, sinovdan oʻtgan yechimlarni olib, istak boʻlsa, bu tafovutni ancha tezroq yopish mumkin.
Yangilik mazmuni
2026-yil 22–23-oktabr kunlari Dushanbeda besh davlat markaziy banklari vakillarining mintaqaviy uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Ishtirokchilar yil oxirigacha milliy QR-toʻlov platformalarining oʻzaro hamkorlik mexanizmini ishlab chiqishga kelishib oldi. Bu haqda Qozogʻiston Milliy banki maʼlumotlariga tayanib Spot.uz xabar berdi.
Muhokamada Qozogʻiston Milliy banki, Qirgʻiziston Milliy banki, Tojikiston Milliy banki, Oʻzbekiston Markaziy banki va Ozarbayjon Markaziy banki vakillari ishtirok etdi.
Integratsiya sozlangach, ushbu davlatlar fuqarolari safar chogʻida oʻz banki ilovasi orqali QR-kod yordamida xaridlar uchun toʻlash va pul oʻtkazish imkoniga ega boʻladi. Transchegaraviy QR-toʻlovlarni ishga tushirishning aniq muddatlari hozircha eʼlon qilinmagan.
Uchrashuvda Qozogʻiston Milliy banki raqamli moliyaviy infratuzilma, jumladan raqamli tenge, ochiq banking va Milliy antifrod markazi boʻyicha ish natijalarini ham taqdim etdi. Transchegaraviy servislarni rivojlantirish mahalliy tizimlarni yangilash bilan parallel olib borilmoqda: avvalroq Oʻzbekiston jismoniy shaxslar oʻrtasidagi oʻtkazmalar uchun yagona toʻlov infratuzilmasini ishga tushirishni eʼlon qilgan edi.
